ASKO blogi

Drift bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati haqida

21-23 mart kunlari Toshkent shahri, Oloy avtoturargohida NAFKU (O‘zbekiston Avtosport va karting milliy federatsiyasi) tomonidan tashkil etilgan drift musobaqasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan 31 nafar drayver va 4 ta jamoa olovli kurash olib borishdi.

Shiddatli burilishlar, millimetr aniqlikdagi to‘qnashuvlar va tomoshabinlarning qarsaklari bu shouni unutilmas voqeaga aylantirdi. Ushbu musobaqa avtosport ishqibozlariga Navro‘z uchun katta tuhfa bo‘ldi desak ham yanglishmaymiz. Shouning 1-bosqichi Sport TV kanali tomonidan to‘liq yoritilib borildi, bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar va tashkilotchilar tomonidan qizg‘in voqealar va kadrlar aktiv ravishda ulashilib borildi.

Tadbirning yana bir yorqin qismi sifatida ilg‘or va zamonaviy gibrid avtomobil modellari taqdimoti ham tashkil qilindi. Bunda bir qancha brendlar yangi muxlislarga ega bo‘ldi, ba’zilari esa ilk marta ommaga namoyish etildi. Jumladan, uzoq vaqtdan beri chang bosib qolgan BMW-E30 Rubin sportkari ham Shohrux Xudoyarov boshqaruvi va ASKO hamkorligi ostida musobaqada munosib qatnashdi. Bir qancha blogerlar va inflyuyenserlar tashabbusi bilan mashinalar o‘rtasida va muxlislar ishtirokida qiziqarli chellenjlar o‘tkazildi. Qo‘shni mamlakatlardan musobaqaning 1-bosqichiga tashrif buyurgan sportkarlar ham bizning avtosport ishqibozlar qiziqishini uyg‘otdi. Umuman olganda, musobaqa qizg‘in energiya ostida bo‘lib o‘tdi. Va g’oliblar munosib taqdirlandi.

Shinalarning avtosportdagi o‘rni

Drift bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati davomida haydovchilarning mahorati bilan bir qatorda, ularning avtomobillarining texnik jihatlari ham muhim rol o‘ynadi. Ayniqsa, shinalar drift musobaqalarida hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

Driftning asosiy mohiyati avtomobilning orqa g‘ildiraklarini yo‘nalishga nisbatan sirpantirish orqali boshqarishdan iborat. Bu jarayonda shinalarning sifatli bo‘lishi nafaqat avtomobilning traektoriyasini aniq ushlab turish, balki haydovchining driftga bo‘lgan nazoratini ham oshiradi. Maxsus drift shinalari yuqori ishqalanish koeffitsiyentiga ega bo‘lib, avtomobilni barqaror ushlab turishga yordam beradi. Shu bilan birga, shinalarning to‘g‘ri bosimi, radiusi va materiali ham drift texnikasi uchun katta ahamiyatga ega.

NAFKU tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston ochiq chempionati drift musobaqasi davomida shinalarning chidamliligi va samaradorligi sinovdan o‘tdi. Musobaqaning har bir burilishida shinalarning yo‘lga yopishqoqligi va sirpanish darajasi haydovchilarning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qildi. Ayniqsa, "Eng ko‘p tutun chiqargan haydovchi" nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Egamberdiyev Nuriddinning avtomobil shinalari maksimal ishqalanish natijasida ko‘tarilgan tutun bilan tomoshabinlarga ajoyib shou taqdim etdi.

Shinalar nafaqat drift, balki boshqa avtosport turlarida ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, trassali poygalarda shinalarning haroratga chidamliligi, rally musobaqalarida esa off-road shinalarining maxsus protektorlari avtomobilning yo‘lni mahkam ushlab turishini ta’minlaydi. Shu sababli, har bir sport turi uchun moslashtirilgan shinalar tanlash haydovchilar uchun strategik qarorlardan biri hisoblanadi.

ASKO kompaniyasi avtosportning yurtimizda rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, musobaqa ishtirokchisi uchun sifatli shinalarni taqdim etishga tayyor. O‘zbekiston ochiq drift chempionatining keyingi bosqichi 11-13-aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi va biz bu musobaqada ham avtomobil texnikasining yanada rivojlangan yechimlarini kuzatishimiz mumkin bo‘ladi.