ASKO blogi

Nega balon otilib ketadi? Sabablari va oldini olish yo‘llari

Ko‘pchilik haydovchilar uchun mashina shinasining otilib ketishi kutilmagan va xavfli holatlardan biridir. Ayniqsa, harakatda bo‘lgan vaqtda balon portlasa, bu katta falokatga olib kelishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish esa ko‘pincha oddiy ehtiyotkorlik va vaqtida parvarish bilan bog‘liq.

Ushbu maqolada shina portlashining asosiy sabablari va ularni qanday qilib oldini olish mumkinligi haqida gaplashamiz.

Bosimdagi muvozanatsizlik

Balon otilishining eng keng tarqalgan sababi — noto‘g‘ri havo bosimi. Agar bosim juda past bo‘lsa, shinaning yon devorlari ortiqcha eziladi, bu esa harakatlanish paytida qizib ketish va yorilish xavfini oshiradi. Aksincha, bosim haddan tashqari yuqori bo‘lsa, balon ichidagi kuchlanish ortadi va u hatto kichik zarbada ham yorilib ketishi mumkin.

Eskirgan yoki shikastlangan shinalar

Vaqt o‘tgan sayin har qanday shina o‘z elastikligini yo‘qotadi. Protektor o‘yiqlari sayozlashadi, yon tomonlar yoriqlanadi yoki ko‘rinmas ichki shikastlar paydo bo‘ladi. Bularning barchasi shinaning kuchga bardosh berish qobiliyatini pasaytiradi.

Agar shinalarda qabariq joylar, yoriqlar yoki metall tolalar ko‘rinayotgan bo‘lsa, bu — portlash ehtimoli yuqori ekanidan darak.

Haddan tashqari yuklama

Avtomobilga me’yordan ortiqcha og‘irlik yuklash balonlarga ortiqcha bosim beradi. Bu ayniqsa uzoq yo‘lga chiqqan, orqaga yuk solingan, yoki tomga yuk qo‘yilgan mashinalarda tez-tez uchraydi. Balonlar toqat qilolmay, harakat paytida yorilishi mumkin.

Yuqori harorat va yozgi xavf

Yozda asfalt harorati 50°C dan oshishi mumkin. Tezlikda harakatlanayotgan mashina shinalari doimiy ishqalanish va qizish ta’sirida qoladi. Bu esa shina ichidagi bosimni keskin oshirib, portlash xavfini tug‘diradi.

Notekis yo‘llar va to‘qnashuvlar

Chuqur yo‘llar, bordyurga urilish yoki keskin burilishlar — bularning barchasi shinalarga bevosita zarba beradi. Bunday to‘qnashuvlar natijasida ichki qatlamlar shikastlanadi va vaqt o‘tib balon yorilishi mumkin.

Qanday qilib oldini olish mumkin?

  • Har hafta shinalar bosimini tekshirib turing va mashinangiz uchun tavsiya qilingan bosim me’yorlariga amal qiling.

  • Har 1–2 yilda yoki 50 000 km yurgandan so‘ng shinalarni yangilash haqida o‘ylang.

  • Avtomobilga ortiqcha yuk ortmaslikka harakat qiling, yuk ko‘rsatkichlariga amal qiling.

  • Yozgi mavsumda bosimni tez-tez nazorat qiling, ayniqsa uzoq yo‘lga chiqishdan oldin.

  • Chuqur yo‘llar, bordyurlar va to‘satlarga ehtiyotkorlik bilan yondoshing, har bir to‘qnashuvdan keyin shinalarni ko‘zdan kechiring.

Bunday holatlarning sodir bo‘lish ehtimolini oldini olish uchun ehtiyot choralari ko‘ring. Agarda ASKO dan shina olgan bo‘lsangiz, bunda sizga yordam beramiz. Har 10.000 kilometr yurganingizda ASKO filiallaridan biriga to‘xtang va bepulga perekitka qildiring. ASKO haqida ko‘proq bilib olish uchun ma’lumotnomani to’ldiring va xodimlarimiz o‘zlari sizga aloqaga chiqishadi.